← Barcha yangiliklar va maqolalar
Maqola16-noyabr, 20262 daqiqa

Parkinson kasalligi: dastlabki belgilar va zamonaviy davolash

Parkinson kasalligi: dastlabki belgilar va zamonaviy davolash

Parkinson kasalligi — harakatlarni boshqarish uchun zarur bo'lgan dofamin ishlab chiqaruvchi miya hujayralari astasekin nobud bo'ladigan kasallikdir. U ko'pincha 60 yoshdan keyin boshlanadi, ammo yoshroq insonlarda ham uchraydi. Kasallikni to'liq davolashning imkoni yo'q, lekin zamonaviy usullar alomatlarni sezilarli darajada kamaytiradi va hayot sifatini yaxshilaydi.

Asosiy belgilar

  • Tinch holatda qo'l yoki oyoq titrashi, aksariyat hollarda bir tomondan boshlanadi.

  • Harakatlar sekinlashishi: kiyinish, yurish, ovqatlanish ko'proq vaqt oladi.

  • Mushaklar tarangligi.

  • Kichik qadamlar bilan yurish, muvozanat buzilishi.

  • Kichik qo'l yozuvi, yuz mimikasining kamayishi, past ovoz.

Harakatlantiruvchi alomatlar paydo bo'lishidan yillar oldin kasallik boshqacha tarzda namoyon bo'lishi mumkin: hid bilishning pasayishi, qabziyat, uyqudagi keskin harakatlar, kayfiyat tushishi.

Tashxis qanday qo'yiladi?

Tashxis asosan shifokor ko'rigi asosida qo'yiladi. MRT va boshqa tekshiruvlar o'xshash alomatlarga ega boshqa kasalliklarni istisno qilish uchun kerak.

Davolash

Dastlabki yillarda dori-darmonlar yaxshi yordam beradi. Vaqt o'tishi bilan ularning ta'siri beqaror bo'lib qolishi mumkin: kun davomida yaxshi va yomon davrlar almashinadi, ixtiyorsiz harakatlar paydo bo'ladi. Davolashning muhim qismi — jismoniy mashqlar va reabilitatsiyadir.

Miyaning chuqur stimulyatsiyasi (DBS)

Dori-darmonlar yetarlicha yordam bermay qo'yganda miyaning chuqur stimulyatsiyasi qo'llaniladi. Operatsiya davomida miyaning harakatlanish uchun mas'ul bo'lgan muayyan nuqtalariga ingichka elektrodlar o'rnatiladi. Ular ko'krak qafasi terisi ostidagi kichik stimulyatorga ulanadi — kardiostimulyator kabi.

  • Titrash, taranglik va dori ta'sirining o'zgaruvchanligi kamayadi.

  • Ko'pincha preparatlar dozasini kamaytirishga erishiladi.

  • Stimulyatsiya parametrlarini operatsiyadan keyin ham sozlash mumkin.

DBS kasallikni to'liq davolamaydi, ammo to'g'ri tanlab olingan bemorlarda hayot sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi. Operatsiyadan keyin ham preparatlarni qabul qilishni davom ettirish kerak bo'ladi, faqat ularning dozasi pastroq bo'ladi. Ushbu usul mos kelish-kelmasligi nevrolog, psihiatr, reabilitolog, anesteziolog va neyroxirurg konsiliumida hal qilinadi.

Muallif haqida

Muxammedaminov Baxtiyor Shuxratovich — neyroxirurg, Parkinson kasalligi va harakat buzilishlari bo'yicha mutaxassis. Amerika neyroxirurglar assotsiatsiyasi, Xalqaro Parkinson kasalligi va harakat buzilishlari jamiyati hamda Xalqaro neyromodulyatsiya jamiyati a'zosi. Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Avstriya, Turkiya, Rossiya va AQShda funktsional neyroxirurgiya va miyaning chuqur stimulyatsiyasi bo'yicha amaliyot o'tagan. Shuningdek, miya o'smalari, uch shoxli nerv nevralgiyasi va miya qon tomir kasalliklarini davolaydi.

Qabulga yozilish: 55 500 05 50